Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, matematikani yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchining tahliliy va mantiqiy fikrlash darajasi yuqori bo‘ladi. U nafaqat misol va masalalar yechishda, balki hayotdagi turli vaziyatlarda ham tezkorlik bilan qaror qabul qilish, muhokama va muzokara olib borish, ishlarni bosqichma-bosqich bajarish qobiliyatlarini o‘zida shakllantiradi. Shuningdek, matematiklarga xos fikrlash uni kelajakda amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlar, tevarak-atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar rivojini bashorat qilish darajasiga olib chiqadi.
Matematikaning hayotimizda tutgan beqiyos o‘rni inobatga olingan holda mazkur fan birinchi sinfdanoq maktab darsliklariga kiritilgan bo‘lib, yurtimizda barcha aniq fanlar qatori matematika ta’limini zamon talablari asosida takomillashtirib borish, uni o‘qitishda eng so‘nggi pedagogik va innovatsion usullar, multimedia vositalari hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, o‘quv fanini akademik bilim berishdan ko‘ra ko‘proq hayot bilan bog‘lash, amaliy misol va masalalarni yechish, o‘quvchilarni mustaqil izlanish, o‘qib-o‘rganishga jalb etishning ahamiyati beqiyos. Dars jarayonida o‘quvchi o‘zini majburan partaga mixlab qo‘yilgandek his etmasligi, aksincha, mashg‘ulotlarda katta ishtiyoq, kuchli xohish bilan qatnashishiga erishilishi lozim.
Matematik bilimlar nafaqat baho olish uchun savol-javoblar yoki imtihonlarda, balki uyda, ish jarayonida, sport va san’at bilan shug‘ullanishda, savdo-sotiq, oldi-berdi – hayotning har bir lahzasida o‘quvchiga naf berishini u chuqur anglab yetishi muhim. Buning uchun esa mazkur fan o‘qituvchisi o‘tayotgan mavzularini bevosita hayot bilan bog‘lab, biror misol yoki masala, topshiriqlarni turmushdagi oddiy vaziyatlar yordamida yechishga o‘rgatishi zarur. Misol uchun:
Adham akaning plastik kartochkasiga 450 ming so‘m oylik maoshi tushdi. U oyligining 35 foizini plastik kartochkasiga oladi. Uning jami oyligi necha so‘m? Uning naqd pulda oladigan maoshi qancha?
Buni to'g'ri proporsiya usulida osongina yechish mumkin:
Demak, 1 285 714 so‘m – uning jami maoshi. Shundan 450 ming so‘m plastik kartochkaga tushsa, 835 714 so‘m naqd pul oladi.
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Eng muhimi, o‘quvchi kitob-daftarida raqam, har xil amallarni emas, balki oddiy hayotni, kelajagini ko‘ra olishi kerak. Bu kabi misollarni keltirish bilan bir qatorda, pedagog o‘z o‘quvchilarini mustaqil izlanish, tadqiqot olib borish, o‘zi ham ana shunday qonuniyatlarni ongli ravishda topishga jalb qilishi katta foyda beradi. Deylik, maktabda 6-sinflar o‘rtasida matematika bo‘yicha kichik ilmiy konferensiya tashkil etish mumkin. O‘quvchilarga o‘z oilasi, mahallasi, qishlog‘i, shahri doirasida matematikaning ahamiyatini ilmiy jihatdan ochib berish vazifasi topshiriladi. Ma’lum muddat belgilanib, ilmiy tadqiqot olib borgan o‘quvchilar ro‘yxati shakllantiriladi, o‘ziga xos, hayotiy va samarali izlanishlar mualliflari rag‘batlantiriladi. Ilmiy ishlari esa maktab saytiga joylashtirilib, o‘quvchi haqida ma’lumotlar beriladi. Ilmiy konferensiyaga boshqa sinflar, boshqa maktablar o‘quvchilari ham taklif etilib, kelgusida bir necha maktab yoki tuman (shahar) miqyosida yirikroq ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilishi mumkin. Bunda ilmiy ishlar mavzusi oldindan taqdim etilishi, ilmiy tadqiqotni yuritish bo‘yicha nazariy tushunchalar berilishi bilan birgalikda, o‘quvchilarga namunalar ham taqdim etilishi mumkin. Masalan, “Nurafshon” qishlog‘ida matematikaning amaliy ahamiyati”.
“Uy sharoitida mitti tovuq fermasini tashkil etishning matematik asoslari”
“Bozor-o‘char qilishda matematik amallarning ahamiyati”
“Katak qurishda matematik hisob-kitoblar” va hokazo.
Aytish joizki, bugungi kunda elektron qurilmalar hayotimizga chuqur kirib keldi, deyarli har bir uyda kompyuter, internet, mobil telefonlar, smartfon va planshetlar mavjud. Matematik hisob-kitoblarni ular yordamida osongina bajarish mumkin. Hattoki eng murakkab tenglamalarni ham onlayn tarzda yechish yoki bu jarayonga dunyoning istalgan nuqtasidagi matematika bilimdonini jalb qilish mumkin. Bu esa ayrim o‘quvchilarda noto‘g‘ri tushunchalarning shakllanishiga olib kelmoqda. Bu fan menga nimaga kerak, biror hisob-kitob bo‘lsa ana – kompyuter yoki telefonimda yechib olaman, shungayam boshimni qotirishim shartmi, deya mustaqil o‘qib-izlanish, o‘z kuchi bilan amallarni bajarishni tashlab qo‘yadi. Bu kabi holatlarning oldini olish ham bugungi kun matematika o‘qituvchisi qarshisiga bir qator dolarzb savollarni qo‘ymoqda. Xo‘sh, o‘quvchilarni fikriy dangasalik, aqliy ishyoqmaslikdan qanday qilib qutqarish, ularni zamonaviy texnologiyalarga qaramlikdan qay yo‘l bilan asrash mumkin? Bu borada aytish kerak bo‘lgan eng muhim masala o‘quvchilar ongida me’yor va chegara tushunchasini singdirish zarur. Hayotda turli vaziyatlar bo‘lishi, elektron qurilmalar ham kishiga pand berishi, internet o‘chib qolishi, smartfonning quvvati tugab qolishi mumkinligini aytish maqsadga muvofiq. Inson egallagan bilimlar esa butun umr ularga hamkrohlik qiladi.
Shu bilan bir qatorda, zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini butunlay inkor etib bo‘lmaydi. Axir zamonaviy texnologiyalar ham insonlar og‘irini yengil, mashaqqatini oson qilish, qimmatli vaqtini tejash maqsadida ishlab chiqarilmoqda-ku. Ular hisob-kitob, rejalashtirish, modellashtirish jarayonida insonlarga katta yordam bermoqda. Albatta, qo‘shish-ayirish, ko‘paytirish-bo‘lish kabi eng muhim amallarni har bir o‘quvchi mustaqil bajara olishi qat’iy talab sifatida belgilanishi shart. Ammo ayrim o‘rinlarda (har doim ham emas), muayyan mavzularni o‘tishda ularni zamonaviy elektron qurilmalar bilan bog‘liq holda tushuntirish o‘quvchilar o‘zlariga yaxshi tanish va qiziq bo‘lgan ma’lumotlarni zarur va foydali bo‘lganlari bilan bog‘langan holda eslab qolishlari mumkin. Bu xotirani mustahkamlashda qo‘llaniladigan mnemonikaning ayni o‘zidir. Ya’ni, biror akademik bilim doimiy xotiradan o‘rin olgan boshqa bir ma’lumot bilan birgalikda eslab qolinadi. Shunda qaysidir biri yodga olinganida, ikkinchisi beixtiyor esga tushadi.
Masalan, smartfonlarda matematika, geometriya qoidalaridan foydalanib chiroyli, ta’sirli suratga olish mumkin. O‘quvchilarga parallel chiziqlar haqida tushuntirish berayotgan vaqtda rassomchilik, fotografiya va dizaynda qo‘llaniladigan “uchdan bir qism” qoidasi haqida ham ma’lumot berish mumkin. Uning asosiy mohiyati shundaki, rasmga olayotgan vaqtda ekran tasvir ikkita gorizontal va ikkita vertikal parallel chiziqlar bilan asosiy uch qismga bo‘linadi (barcha smartfonlar kamerasi sozlamasida mazkur imkoniyat o‘rin olgan). Tasvirga olinayotgan markaziy obyekt umumiy ekranning uchdan bir qismini egallashi hamda mazkur chiziqlar bilan ustma-ust yoki chiziqlar kesishmasida joylashgan bo‘lishi lozim.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bugungi kun o‘quvchisini bugungi zamonning talablari asosida o‘qitish lozim. Zero, yangi texnologiyalar zamonida dunyoga kelayotgan o‘g‘il-qizlar (G‘arbda Z avlod deyiladi) o‘zining bir qator umumiy sifatlari bilan ajralib turadi. Turmush tarzimiz, qiziqish va xohish-istaklarimiz global makonda qariyb o‘xshash tus olayotgan bir vaqtda kechagi o‘qitish usullari bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Zamon bilan hamqadam rivojlanib borgandagina yuksak intellektual avlodni tarbiyalash imkoniga ega bo‘lamiz.